Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”

O‘zbekistonda eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalar 2 mlrd so‘m miqdorida rag‘batlantiriladi

O‘zbekistonda 1-yanvardan boshlab “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi. G‘olib mahallalar 2 milliard so‘m miqdorida rag‘batlantiriladi.

· Gazeta.uz - O‘zbekiston yangiliklari · Join

O‘zbekistonda eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla deb topilgan mahallalar rag‘batlantiriladi. Bu 28-noyabrda imzolangan prezident qarorida belgilangan.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi.

Bunda g‘oliblarni aniqlash bo‘yicha mezonlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • xap 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes subyektlari soni;
  • har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes subyektlari tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;
  • har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchilar soni;
  • har 1000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni va ular tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;
  • mahalla fuqarolari tomonidan mol-mulk va yer soliqlarining to‘langanlik darajasi.

“Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi g‘oliblari uchun quyidagi rag‘batlantirish choralari joriy etiladi:

  • tashabbusli budjet doirasida ketma-ket ikki marotaba g‘olib deb topilgan mahallalar uchun navbatdagi ikkita mavsum doirasida loyiha kiritish imkoniyatini cheklash qoidasi qo‘llanmaydi;
  • loyihalarni sheriklik asosida moliyalashtirishda ushbu mahallalar aholisi tomonidan loyiha qiymatining 25 foizi moliyalashtirilgan taqdirda, loyiha g‘olib deb topiladi hamda qolgan 75 foizi davlat budjetidan moliyalashtiriladi;
  • belgilangan mezonlar asosida har yili birinchi 100 talikka kirgan eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarning har biriga Davlat budjetidan 2 milliard so‘m miqdorida mablag‘ tegishlicha mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasiga ajratiladi. Bunda ajratilgan mablag‘lar tegishli fuqarolar yig‘ini kengashi qarori asosida faqat ushbu mahalla hududi infratuzilmasini (ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi va elektr ta’minotini yaxshilash, ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish va boshqa infratuzilma loyihalarini) yaxshilash uchun yo‘naltiriladi.

Soliq qo‘mitasi har yili 1-fevralga qadar eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalar ro‘yxatini shakllantiradi hamda 10-fevralga qadar rasmiy veb-saytda e’lon qiladi.