Foto: Shohruh Haydarov / Gazeta

Talabalarning stipendiyalari hafta yakunigacha to‘lab beriladi — Oliy ta’lim vazirligi

Oliy ta’lim vazirligi ayrim oliygohlar talabalariga stipendiya to‘lovlari o‘z vaqtida to‘lanmayotgani haqidagi xabarlarga javob berdi: bunga buyruqlarni rasmiylashtirish va plastik kartalar ochish jarayoni kechikkani sabab bo‘lgan. Vazirlik joriy hafta yakunigacha to‘lovlar amalga oshirilishini aytdi.

· Gazeta.uz - O‘zbekiston yangiliklari · Join

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiya to‘lovlari o‘z vaqtida to‘lanmayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Xabarda aytilishicha, barcha OTMlarda yuqori kurs talabalariga stipendiyalar to‘lab berilgan. Tarmoqda tarqalgan xabarlar ayrim oliygohlar, xususan, O‘zbekiston Milliy universiteti, San’at va madaniyat instituti, Toshkent davlat agrar universiteti va Samarqand davlat tibbiyot universitetining 1-bosqich talabalari bilan bog‘liq.

Vazirlik ularga stipendiya tayinlash bo‘yicha tegishli buyruqlarni rasmiylashtirish va bank plastik kartalarini ochish jarayoni kechikkani sababli to‘lovlar amalga oshirilmasdan qolganini bildirdi.

“Hozirda mazkur buyruqlar to‘liq rasmiylashtirilmoqda va barcha oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiya to‘lovlari joriy hafta yakuniga qadar amalga oshiriladi”, — deya tushuntirdi tashkilot.