Foto: Abdullo Yodgorov / Gazeta

Qoraqalpog‘istonda uch kishi is gazidan zaharlanib vafot etdi

Xo‘jayli tumanida fuqaro hamda uning 10 va 14 yoshli nabiralari is gazidan zaharlanib vafot etdi. Marhum qo‘lbola isitish pechini mo‘risiz holda gaz tarmog‘iga ulagan va oqibatda gaz sizib chiqqan.

· Gazeta.uz - O‘zbekiston yangiliklari · Join

Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida uch kishi is gazidan zaharlanib vafot etdi, deya xabar bermoqda tuman hokimligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, holat 13-dekabr kuni tumanning “Samanko‘l” OFY Qamissholi aholi punktida sodir bo‘lgan. Ijaradagi uyda ikki nabirasi bilan yashovchi fuqaro A.J. xonadonni isitish maqsadida qo‘lbola isitish pechining mo‘risini kesib olib, uni boshqa xonaga ko‘chirgan hamda mo‘risiz holda gaz tarmog‘iga ulagan.

Oqibatda A.J. hamda uning nabiralari — 2011-yilda tug‘ilgan A.S. (8-sinf o‘quvchisi) va 2015-yilda tug‘ilgan A.Q. (4-sinf o‘quvchisi) hodisa joyida is gazidan zaharlanib hayotdan ko‘z yumgan.

Hodisa joyiga tergov-operativ guruh a’zolari va ishchi guruh zudlik bilan yetib borib, yuz bergan holat bo‘yicha o‘rganish va ko‘zdan kechirish ishlarini amalga oshirgan.

Tuman hokimligi marhumning oilasiga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilayotganini bildirdi. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.