“Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi

· UZREPORT | FUTBOL · Join

“Soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasini oshirish va faol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–364-son, 28.11.2025 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi. Bunda g‘oliblarni aniqlash bo‘yicha mezonlar quyidagilar:

- har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes subyektlari soni;

- har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes subyektlari tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;

- har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchilar soni;

- har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni va ular tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;

- mahalla fuqarolari tomonidan mol-mulk va yer soliqlarining to‘langanlik darajasiю

“Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi g‘oliblari uchun quyidagi rag‘batlantirish choralari joriy etiladi:

- tashabbusli byudjet doirasida ketma-ket 2 marotaba g‘olib deb topilgan mahallalar uchun navbatdagi 2 ta mavsum doirasida loyiha kiritish imkoniyatini cheklash qoidasi qo‘llanmaydi;

- loyihalarni sheriklik asosida moliyalashtirishda ushbu mahallalar aholisi tomonidan loyiha qiymatining 25 foizi moliyalashtirilgan taqdirda, loyiha g‘olib deb topiladi hamda qolgan 75 foizi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladi;

- belgilangan mezonlar asosida har yili birinchi 100 talikka kirgan eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarning har biriga Davlat byudjetidan 2 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ tegishlicha Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasiga ajratiladi.